O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Loyihalar ijrosi

14.02.2018 8439

     Ayni kunlarda Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo'yicha bunyodkorlik ishlari qizg'in olib borilayapti. 7,1 kilometr uzunlikka teng yangi liniyani 2020 yilga qadar qurib, foydalanishga topshirish ko'zda tutilmoqda.

       Qurilishning o'ziga xos jihati, Markaziy Osiyoda qo'llanilmagan, yangicha estakada usulida bunyod etilayotganidir. Ya'ni mazkur yo'l ko'priksimon tarzda quriladi, poezdlar yer ustida harakatlanadi. Qishning qahraton sovug'iga qaramasdan, bu yerda ish qizg'in davom etmoqda. Hozirda balandligi 5 va 5,5 metr bo'lgan 90 ta tayanch ustuni o'rnatildi. 120 ta kotlovanda shag'al tashlab, beton qatlami bilan qoplashga tayyorgarlik ishlari yakunlandi, 50 ta rigel` (yoysimon mustahkam temir-beton) montaj qilindi. 23,6 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. Qurilish-montaj jarayonlarining keng ko'lamda olib borilishi uchun xorijdan zamonaviy texnikalar va mexanizmlar olib kelindi.
     Shuningdek, Yunusobod yo'lining 2-bosqichini barpo etish bo'yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2,93 kilometr bo'lgan yangi metro yo'nalishi yer ostida barpo etilib, 
2019 yilda to'la nihoyasiga yetkaziladi. Ma'lumki, ushbu bunyodkorlik ishlari orqali Yunusobod metro yo'nalishi yana ikkita bekatga uzayadi. Bular yangi “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari bo'lib, har ikkisi ham o'ziga xos me'moriy yechimga asoslangan holda bunyod etiladi. Poezdlar to'xtashi uchun mo'ljallangan platformalarning uzunligi 102 metrni tashkil etadi. Metro bekatlarida zamonaviy eskalatorlar va turniketlar o'rnatiladi. Bu yerda qurilish-montaj ishlari ochiq va yopiq usulda olib borilmoqda. Ayni paytda kotlovanni tayyorlash va tuproqni chiqarib tashlash ishlari to'liq yakunlandi. 
  Ushbu liniyaning yopiq qismida qurilish ishlarini olib borish uchun Germaniyaning “HERRENKNESHT AG” guruhi bilan hamkorlikda gorizontal burg'ulash uskunasi keltirildi va uni montaj qilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu majmua mart oyining oxirlarida ishga tushiriladi. Bundan tashqari, Germaniya, Italiya, Xitoy, Serbiya davlatlarining jahonga mashhur korxonalarining zamonaviy qurilish texnikalari respublikamizga olib kelingan. 

          Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan 2 ta 220 tonnalik yukni ko'taradigan zanjirli kran, 3 ta 70 tonnalik yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran 14 ta metalloprokatga ishlov beruvchi stanok, 2 ta o'ta og'ir, 350 tonnalik yuklarni tashuvchi avtoulov hamda svay qoqadigan va burg'ulash uskunalari shular qatoriga kiradi. Temiryo'lchi ko'priksozlar tomonidan yangi yer usti metro halqa yo'li ham bunyod etilayapti.Uning umumiy uzunligi 52,1 kilometr bo'lgan ushbu yo'nalish bo'yicha poezdlarning o'rtacha harakat tezligi soatiga 60 kilometrga yetadi. Halqa bo'ylab qatnov yo'lni bosib o'tish vaqti 1 soatu 10 daqiqani tashkil etadi. 2017-2021 yillarga mo'ljallangan mazkur loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Rejaga ko'ra, ushbu metro liniyasida 38 ta bekat o'rin oladi. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining “Do'stlik” bekatidan Qo'yliq bozorigacha bo'lgan yettita bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik, u “Olmazor”, “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel`” bekatlari orqali yana “Do'stlik” bekatiga tutashtirilib, yaxlit metro halqasini tashkil etadi. Bundan tashqari, 2 ta vagon deposi qurilishi ham rejalashtirilgan. Loyihaga ko'ra, mazkur metro yo'li Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududidan o'tadi. 

       Ayni paytgacha bu yerda 47,5 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. 175 ta estakada tayanch ustunlarining Loyiha smeta hujjatlari olindi. Bir so'z bilan aytganda, yangi metro yo'lini barpo etish borasidagi bunyodkorlik jarayonlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. 

Axborot xizmati