O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Poyezdlar harakati yo'lga qo'yildi

18.05.2020 811

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarliklarida joriy yilning 13 may kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishda “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiena talablariga qat'iy amal qilgan holda xizmat ko'rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilangan edi.

Shunga asosan Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo'nalishlarda temir yo'l qatnovlarini yo'lga qo'yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlandigan edi. Unga ko'ra joriy yilning 18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro hamda Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlar hamda Farg'ona vodiysiga tezyurar yo'lovchi poezdlar qatnovi (borish va qaytish) qayta yo'lga qo'yildi.

Dastlabki “Afrosiyob” poyezdi bugun, soat 07:00da Toshkent-Markaziy temir yo'l vokzalidan Toshkent – Buxoro – Toshkent yo'nalishi bo'yicha qatnovi boshlandi. E'tiborlisi poyezdlar qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo'lovchilar sonini kamaytirish, dezinfektsiya qilish va boshqa sanitariya talablari so'zsiz bajarilishi ta’minlanmoqda. 

Poyezdlarga chiqishda yo'lovchilar sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infektsiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko'p bo'lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi ma'lumotnomaga ega bo'lishlari kerak. Temir yo'l vokzallari hududiga kirganda barcha yo'lovchilarga bir martalik himoya niqoblari va qo'lqoplar berilmoqda hamda temir yo'l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari va yo'naltiruvchi maxsus tasmalar bo'ylab harakatlanishlari ta'minlanmoqda. 

“O'zbekiston temir yo'llari” AJ tasarrufidagi Markaziy sanitariya epidemiologiya stantsiyasi mutaxassislari tomonidan vokzalga kirayotgan har bir yo'lovchi qat'iy ravishda dezinfektsiya qilinib, teplovizorlarda harorati o'lchanmoqda. Yo'lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirildi. Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda. Elektron chipta olish imkoniyati bo'lmagan yo'lovchilar temir yo'l vokzallari kassalaridan chipta olishlari mumkin bo'ladi. Chipta olgan yo'lovchilar tomonidan yo'lovchilar so'rovnomasi (marshrut varag'i) to'ldiriladi. 

Temir yo'l vokzallarining yo'lovchilar bilan bevosita muloqotda bo'ladigan barcha xodimlari, davlat organlari hamda maxsus xizmat xodimlari kundalik faoliyati davomida bir martalik 8 soatli himoya niqobi va qo'lqoplar, shuningdek yuz va ko'z qismini himoyalovchi maxsus shaffof niqob, dezinfektsiya va antiseptik vositalar bilan ta'minlandi. 

Barcha xodimlarning kunlik ish faoliyatini boshlashidan oldin tana harorati tekshirilmoqda. Shuningdek, har ikki haftada koronavirus infektsiyasiga test topshirib boriladi. Temir yo'l vokzallarining birinchi o'tkazish punktilari dezinfektor/tonnellar bilan jihozlangan bo'lib, birinchi o'tkazish punktilarida temir yo'l xodimlari tomonidan pirometr yordamida yo'lovchilarning tana harorati o'lchanadi. 

Tana harorati 37C dan yuqori bo'lmagan yo'lovchilar dezinfektor-tonnellar yordamida zararsizlantiriladi hamda ulardagi mavjud niqob va qo'lqoplar maxsus chiqindi qoplariga solinib, ularga yangi bir martalik himoya niqoblari va qo'lqoplar taqdim etilayapti. Shundan so'ng vokzalga kirishlariga ruxsat berilmoqda. 

Tana harorati 37C dan yuqori bo'lgan yo'lovchilar sog'liqni saqlash xodimlari nazoratiga topshiriladi. Sog'liqni saqlash xodimlarining xulosasiga ko'ra yo'lovchiga temir yo'l xizmatlaridan foydalanishiga ruxsat berilmaydi. Bunday holatlarda yo'lovchiga chipta puli o'rnatilgan tartibda qaytarib beriladi. 

Temir yo'l vokzallarining, ikkinchi o'tkazish punktida ya'ni kirish qismida yo'lovchilarning tana haroratini o'lchovchi maxsus uskunalar o'rnatilgan. Barcha yo'lovchilar temir yo'l vokzallari hududiga hamda temir yo'l transportlariga bir martalik himoya niqoblari va qo'lqoplarda kiritilmoqda. Yo'lovchilar temir yo'l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo'naltiruvchi maxsus tasmalar bo'ylab harakatlanishlari shart. Yo'lovchilar poezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda (oraliq masofa 2 metr) joylashtiriladi. 

O'rnatilgan vaqtinchalik tartibdan ko'zlangan asosiy maqsad, yo'lovchilarni, umuman aholimizni koronavirus infektsiyasidan himoya qilish, shuningdek, pandemiyaning keng tarqalishini oldini olishdan iboratdir.

Axborot-tahliliy media markazi