O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

“Toshkent metropoliteni” UK: “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasida 6 ta bekat qurib bitkazildi

03.02.2020 2080

Poytaxtimizda qurilayotgan halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasida qurilish ishlari jadal suratlarda davom ettirilmoqda.


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 maydagi “Toshkent shahrida ikki yo‘llik elektrlashtirilgan tezyurar halqa temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2979–sonli Qarori, shuningdek, 2018 yil 24 maydagi PF-5447-sonli Farmoniga muvofiq bosqichma-bosqich Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasini loyihalashtirish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu yirik qurilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Boshtransloyiha” AJ loyihasi tomonidan tarmoq tasarrufidagi korxonalar hamda  “Ko‘prikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilmoqda. 

2019 yilning avgust oyida Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasidagi “Do‘stlik-2” hamda 2-bekatlarida qurilish ishlari tugatildi. Oraliq yo‘nalishida 2 ming 303 metrlik yangi relslar ham yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan edi.

– Ma'lumki, “Toshkent metropoliteni” UKning “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan yo‘nalishi 11 kilometr bo‘lib, “Do‘stlik-2” hamda 2, 3, 4, 5, 6 hamda Qo‘yliq bozoridagi 7-bekatlardan iborat, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Kapital qurilish direksiyasi rahbar o‘rinbosari Aziz Abdiev. – Ayni paytda “Do‘stlik 2”dan Qo‘yliq mavzesigacha estakadalarning loyihada ko‘zda tutilgan tayanch ustunlar, birinchi va ikkinchi pog‘ona temir-beton poydevorlar, temir-beton rigel va balkalar to‘liq o‘rnatib bo‘lindi. 2-bekatdan Yangiobod hududidagi oltinchi bekatgacha bo‘lgan oralig‘iga yangi relslar ham yotqizilib, so‘nggi bosqichda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda quruvchilarimiz oltinchi hamda Qo‘yliq bozoridagi yettinchi bekat oralig‘ida bunyodkorlik ishlarini jadal suratlarda amalga oshirishmoqda. Buning uchun 2 mingga yaqin ishchi-xodim va mutaxassislar yuzdan ko‘proq zamonaviy texnikalardan foydalanmoqda.

O‘tgan vaqt davomida soha xodimlarining qurilish ishlarini uzluksiz, samarali olib borishi, zamonaviy qudratli texnikalarning jalb etilishi hamda sifatli qurilish mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib turilishi sababli temiryo‘lchilar bugungi kunga kelib 2-, 3-, 4-, 5- hamda 6-bektlarida ham qurilish ishlarini nihoyasiga yetkazishdi. Yangi qurib bitkazilgan bekatlarda yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘lkirani elektron to'lash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikki qavatli bekatlarning har biriga imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus liftlar ham o‘rnatildi.

     

E'tiborlisi, har bir bekat milliy me'morchilik uslubiga xos tarzda qurilib, ko‘rinishi va bezatilishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi. Ishlatilgan turli qurilish materiallari, sifatli va ko‘rkam texnikalar bekatlar ko‘rinishiga o‘zgacha chiroy bag‘ishlamoqda. Masalan, Tuzel mavzesidagi 3-bekat aholi gavjum joyda, avtomobillar chorrahasida joylashgan hududlardan. Shu bois ushbu yo‘nalish foydalanishga topshirilgach, bu bekatda tushib chiqadigan yo‘lovchilar oqimi nisbatan ko‘proq bo‘ladi. Shuni hisobga olgan holda quruvchilarimiz yangi bekatdan yo‘lovchilarning xavfsiz foydalanishi uchun har tomonlama qulay sharoitlarni yaratishga alohida ahamiyat qaratishdi. Ikki qavatdan iborat bekatning birinchi qavatida ishchi-xodimlar uchun ma'muriy hamda tibbiy xonalar va kassa qurildi. Yo‘lovchilar kirib-chiqishi, maxsus turniketdan o‘tishi birinchi qavatda amalga oshiriladi. Ikkinchi qavat esa perron qismi bo‘lib, uning bir tomonidan yo‘lovchilarning chiqib tushishlarida qulaylik bo‘lishi uchun eskalatorlar, ikkinchi tomoniga esa imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun maxsus lift o‘rnatildi. Shuningdek, zinapoya qurildi. Perron qismi zamonaviy yoritkichlar bilan bezatildi. Yo‘lovchilarga poyezdlarni kutib o‘tirishi uchun maxsus va ko‘rkam o‘rindiqlar o‘rnatildi. Bekat ichida Toshkent metropoliteni xaritasi, shahar tashqarisiga chiqish uchun maxsus ko‘rsatkich belgilari va boshqa ma'lumotlar o‘rnatildi.

E'tiborga molik yana bir jihat. Stansiyada ko‘zi ojizlar uchun maxsus plitalar yotqizildi, ya'ni platformadagi plitalarda alohida bo‘rttirilgan belgilar mavjud. Bekatlar quyosh nurini kam o‘tkazadigan maxsus kompozit materiallaridan tayyorlangan oynalar bilan qoplandi. Bekat atrofi va hududi obodonlashtirilib, zamonaviy yoritgichlar o‘rnatildi, yo‘laklarga uzoq muddatga chidamli ko‘rkam bruschatkalar, marmar toshlari terildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida Toshkent iqlimiga moslashtirilgan archalar, gul ko‘chatlari ekildi, yo‘lovchilar uchun maxsus o‘tirgichlar o‘rnatilib, dam oladigan ko‘rkam holatga keltirildi. Avtomobillar uchun turargohlar ham qurildi.


Ta'kidlash lozimki, estakada ko'rinishidagi ushbu metro liniyasini qurish, ayniqsa, Yangiobod va Qo‘yliq hududi va oralig‘ida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari quruvchilarimiz uchun oson kechmayapti. Ayniqsa, Qo‘yliq bozori hududidagi avtomobil yo‘llari, tirbandliklar, yo‘nalishni yerdan o‘tkazish, aholining gavjumligi soha xodimlariga bir muncha qiyinchilik tug‘dirmoqda. Biroq temiryo‘lchilar bu kabi qiyinchiliklarni mardonavor yengib, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligiga qat'iy amal qilgan holda ish olib borishmoqda. 

Ushbu yo‘nalishda poezdlarning o‘rtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Harakatlanish oraliq vaqti 5 daqiqadan iborat bo‘lib, bekatlar 5 ta vagon to‘xtashi uchun mo‘ljallangan. Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimiz metro liniyalarining estakada yo‘nalishida harakatlanadigan zamonaviy, yuqori sifatli, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega dastlabki beshta harakat tarkibi yurtimizga keltirildi va bugungi kunda bularning barchasi xizmat ko‘rsatish uchun texnik jihatidan har tomonlama tayyorgarlik (obkatka) ko‘rmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi