O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Arxeologlarga munosib tuhfa

27.08.2019 881

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning fevral oyida Namangan viloyatiga qilgan tashrifida To'raqo'rg'on tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan. Tashrif davomida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Y.G'ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutini maxsus texnika va avtomobil bilan ta'minlash bo'yicha topshiriq berilgan edi.

Kuni kecha “O'zbekiston temir yo'llari” AJga qarashli “UzXCMG” MCHJ O'zbekiston – Xitoy qo'shma korxonasida ishlab chiqarilgan qazish ishlari uchun qulay, mini ekskavator va 2 ta “Damas” rusumli avtomobili institut xodimlariga topshirildi. Tadbirda instituti professorlari, yosh temiryo'lchilar, OAV xodimlari ishtirok etishdi. 

– Ushbu mini ekskavator arxeologik qazishma ishlari uchun judayam qulay hisoblanadi, – deydi tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboev. – Chunki, tarixiy obidalarda og'ir texnikalarning harakatlanishi unga shikast yetkazishi mumkin. Shu bois to'liq og'irligi 1,2 tonna bo'lgan mo'jazgina ekskavatorni tanladik. Maxsus texnikadan Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasidagi qazishmalardan unumli foydalanamiz. Taqdim etilgan avtomobillar 
ham yangi tarixiy obidalarni izlab topish va ilmiy izlanish yo'lida biz uchun munosib tuhfa bo'ldi. 


Ma'lumot uchun: Axsikent – Farg'ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Shahar eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo'lib, 1621 yilgi zilzilada vayronaga aylangan. Ushbu shahar qadimgi Farg'ona davlatining poytaxti, siyosiy, madaniy, iqtisodiy markazi hamda Buyuk ipak yo'lining asosiy kentlaridan biri bo'lgan.

Majmua maydonining 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan. Yer osti suv inshootining mavjudligi va shahar mudofaa uchun qulay geografik hududda joylashgani Axsikent shaharsozligidagi o'ziga xos jihatlar hisoblanadi. 

Axborot-tahliliy media markazi