O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Markaziy Osiyo mintaqasining transport salohiyatini rivojlantirish strategiyasi

03.05.2019 4811

Poytaxtimizda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligining (MOMIH) temir yo‘l transportini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhining to‘rtinchi yig'ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo va Yevropaning o‘ndan ortiq  davlatlarining temir yo‘l ma'muriyati vakillari, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa qator xalqaro tashkilot a'zolari ham ishtirok etdi. Uchrashuvda asosan MOMIHning temir yo‘l transportining 2020 yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalalariga e'tibor qaratildi. 

Qayd etish lozimki, hozirgi kunda MOMIHga a'zo davlatlar 2016-2030 yillarda Temir yo‘l transportini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish borasida ish olib borishmoqda. Ushbu dasturga ko'ra, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Texnik yordam loyihasini taqdim etgan. Shu munosabat bilan 2018 yilda bo‘lib o‘tgan MOMIHning Transport sektorini muvofiqlashtirish qo‘mitasining 17-yig'ilishida e'lon qilingan, ya'ni Temir yo‘l strategiyasini jadal amalga oshirish bo‘yicha yangi Texnik yordamning yondashuv va komponent (tarkibiy tuzilma)lari ko‘rib chiqildi. Unda tarmoqni baholash, temir yo‘l transportining subregional modeli, temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash loyihalar va faoliyati kabi masalalar o‘rin olgan. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining temir yo‘l sohasini isloh qilish strategiyasi hamda MOMIH doirasida investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish mavzularda ma'ruzalar tinglandi.

Ta'kidlash joizki, hozirgi vaqtda MOMIH mamlakatlarini taxminan 25 ming kilometrlik asosiy temir yo‘l koridor (yo‘lak)lari bog'laydi. Shu bilan birga, mavjud temir yo‘l tarmog'i savdo-sotiq oqimining o‘zgaruvchanligiga har doim ham mos kelmaydi. Shu vaqtning o‘zida, mavjud temir yo‘llar dengiz portlariga chiqmasdan mintaqaning o‘zida rivojlanish imkoniyati yetarlicha salohiyatiga ega. MOMIHning Temir yo‘l strategiyasining asosiy maqsadi – 2030 yilga qadar temir yo‘l transporti savdo uchun tezkor, tejamkor, mintaqadagi foydalanuvchilari uchun qulay va afzal transport turiga aylantirilish.

Shu kunlarda poytaxtimizda, transport va savdo-sotiqni rivojlantirish strategiyasini 2020 yilgacha amalga oshirish masalalariga bag'ishlangan MOMIH Transport sohasini muvofiqlashtirish qo‘mitasining 18-yig'ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda temir yo‘llar, yo‘l harakati boshqaruvi, yo‘l harakati xavfsizligi va transchegaraviy tashishning oxirgi yutuqlari diqqat markazda bo‘ldi. Shuningdek, loyihalarni ko‘rib chiqish va muhokama qilish hamda 2030 yilgacha MOMIH transport strategiyasini amalga oshirishga imkon beradigan istiqbollar ko‘rib chiqildi.

Malumot uchun: 

Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish dasturi OTB tashabbusi bilan 1997 yilda ishga tushirilgan. Dasturning maqsadi mintaqaviy va ko‘p tomonlama hamkorlikni, jumladan, energetika sohasini kengaytirish orqali Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivojlanishini rag'batlantirishdan iborat.  

Hozirgi kunda MOMIH faoliyatida 11 mamlakat ishtirok etmoqda. Bular, O‘zbekiston, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Mo‘guliston, Tojikiston, Afg'oniston, Pokiston, Turkmaniston, Gruziya, shuningdek, xalqaro donor-tashkilotlar, ya'ni: OTB, Jahon banki, YERRB, XVJ, BMTning Rivojlanish dasturi, Islom taraqqiyot banki.

Axborot-tahliliy media markazi