O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

“Navro’z” madaniyat va istirohat bog'i ochiq osmon ostidagi muzey bo'ladi

06.02.2019 5427

Bugungi kunda poytaxtimiz katta qurilish maydoniga aylangan. Toshkent shahrining ko'plab hududlarida aholi turar joylari, inshootlar, yo'l va ko'priklar, xiyobonlar, istirohat bog'lari bunyod etilmoqda. Ana shunday inshootlardan yana biri temiryo'lchilar tomonidan yil oxiriga qadar qurib, aholi foydalanishi uchun topshirilishi rejalashtirilgan “Navro'z” madaniyat va istirohat bog'idir. 

Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining  2017-yil 7-avgustdagi  “Toshkent shahrida  “Navro'z” bog'ini qurish” loyihasini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan hayotga tatbiq etilmoqda. Uni barpo etish vazifasi “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatining “O'ztemiryo'lqurilishmontaj” unitar korxonasi quruvchilariga topshirilgan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.

Bog' uchun 32 gektar yer ajratilgan bo'lib, bu yerda 3 ming kishilik amfiteatr, diametri 72 metrlik charxpalak, har bir viloyat aholisining o'ziga xos urf-odatlari, yashash tarzi, milliy hunarmandchilik, pazandachilik an'analarini aks ettiruvchi uylar va ustaxonalar, ayvonu choyxonalar qad rostlaydi. Muxtasar aytganda, bog' o'zida ma'naviyatimiz, milliy qadriyatlarimizni aks ettirgan etnografik shaharcha sifatida barpo etiladi. 


Milliylik va zamonaviylik ruhini o'zida mujassam etgan ushbu bog' ochiq osmon ostida joylashgan haqiqiy muzey sifatida yurtimiz aholisi hamda sayyohlarda ham katta qiziqish uyg'otishi, shubhasiz.

Mazkur bog'da ommaviy sayllar, konsertlar tashkil etilib, yurtimiz aholisi, xususan, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Mustaqillik, Navro'z kabi ulug' bayramlarimiz shu yerda o'tkazilishi ko'zda tutilgan.

Axborot xizmati