O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Boysun aholisi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi

08.11.2018 8631

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog'ida Boysun tumani aholisi uchun ichimlik suvini yetkazib berish bo'yicha topshiriq bergan edi.

Bu xayrli ishni amalga oshirish “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatiga ishonib topshirildi. Oradan ko'p vaqt o'tmay temiryo'lchilar o'z va'dalarining ustidan chiqishdi, ya'ni suv inshooti qurilib foydalanishga topshirildi. Kuni kecha Boysun tumaniga toza ichimlik suvi yetib keldi va boysunliklarning yillar davomida qilgan orzulari ushaldi. Shu munosabat bilan o'tkazilgan tadbirda viloyat va tuman hokimligi vakillari, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari  ishtirok etishdi.

 

Loyihaning umumiy qiymati 58 milliard so'mni tashkil etadi. Unga ko'ra, Xo'ja Mayxona bulog'idan Boysun tumani markaziga qadar bo'lgan 36,4 kilometr masofadan aholi uchun toza ichimlik suvi tortildi. Qurilish-montaj ishlari Maxsus mexanizatsiyalashtirilgan yo'l stantsiyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Bunyodkorlik jarayonida zamon talablari darajasida 29,3 kilometr temir, 7,1 kilometr polietilen quvurlar yotqizildi. 


Loyihaning  24,5 kilometrida 200 kub suv sig'imiga ega 2 ta rezervuar qurildi. E'tiborlisi, bu yerda suvni aholi yashash punktiga yetkazib beruvchi maxsus nasos stantsiyasi ham bunyod etildi. Shuningdek, 200 metr balandlikda 3000 kub suv sig'imiga ega 2 dona mustahkam temir-beton rezervuar qurilib, unga hamohang 6 ta 30 kVt lik nasoslar ham o'rnatildi. Bu esa ekologik toza ichimlik suvini Boysun tumani aholisiga yetib borishini ta'minlaydi.

Bunyodkorlik ishlarida 150 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi ishtirok etib, 40 dan ortiq texnika va mexanizmlardan foydalanildi. Tuproq va yer ishlari sifatli, o'z vaqtida bajarildi. Shu bois qisqa fursatda mana shunday ulkan suv inshooti foydalanishga topshirildi. Shu kunga qadar Boysun tumanida ichimlik suvi tanqisligi bois “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan maxsus mashinalarda yetkazib berilayotgan edi. Endilikda, mahalliy aholi xech qanday muammolarsiz toza ichimlik suviga ega bo'lishdi. 

Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, temiryo'lchilar tomonidan mamlakatimizning ichimlik suvi tanqis hududlarga obi hayot yetkazib berish bo'yicha bir qator sa'y-harakatlar amalga oshirilgan. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq va Qo'ng'irot, Toshkent viloyatining Bekobod tumanlariga toza ichimlik suvi yetkazib berilgan.

Axborot xizmati