O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Rivojlanish bosqichlari va istiqboldagi rejalar

25.10.2018 10719

Jahon bozoriga sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berish, buning uchun yirik loyihalar, aniq tariflar, xaridorgir mahsulotlar salmog'ini oshirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim shartidir. Sir emaski, zaminimiz tabiiy resurslarga boy. Ko'mir qazib chiqarish ham mamlakatimizda sanoatning yetakchi tarmoqlaridan sanaladi.


Ana shunday yirik ishlab chiqarish ob'ektlaridan biri - “Sharg'unko'mir” konining qurilishi 1943 yilda boshlangan. «Sariosiyo» temir yo'li bekatidan «Toqchiyon» (hozirgi Sharg'un shahri) gacha 12 kilometr uzunlikdagi temir yo'l shahobchasi qurildi. Ko'mir tashish uchun 18 kilometr uzunlikdagi osma-yuk kanat yo'li, xodimlarni va tovar moddiy boyliklarini tashish uchun 20 kilometr masofaga avtoyo'l qurildi. 1958 yili Sharg'unko'mir koni ishga tushirilib, yiliga loyiha quvvati 400 ming tonnaga mo'ljallangan.    

“Sharg'un” ko'mir koniga 2014 yilda 101,3-mln dollar miqdoridagi investitsiya jalb etildi. Ushbu mablag' hisobidan 2015-2018 yillar davomida «Sharg'unko'mir» aktsiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Ya'ni yirik zahiraga ega ob'ekt yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo'ydi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 yanvardagi “Sharg'unko'mir” aksionerlik jamiyatining loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshko'mir qazib chiqarishga yetkazgan holda uni modernizatsiya qilish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda “O'zbekko'mir” AJ va “Sharg'unko'mir” AJ ni “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tarkibiga o'tkazish hamda ko'mir sanoati korxonalarini moliyaviy sog'lomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida” gi qarorlari bu konning ishlab chiqarish quvvavtini keskin oshirishga xizmat qilmoqda. Konda loyiha bo'yicha yer osti va ustida qurilish ishlari jadal olib borilayapti.

“Sharg'unko'mir” aktsionerlik jamiyatini modernizatsiyalash investitsion loyihasi bo'yicha bosh pudratchi “Chine Railway Tunnel Group Co. LTD” va “China Coal Technology & Engineering Group Corp” kompaniyalari bo'lib, ushbu loyiha qiymatining 89 milliard 775 million AQSH dollari Xitoy Eksimbanki tomonidan moliyalashtirilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 105,1 million AQSH dollar (korxonaning o'z mablag'i-15,7 million AQSH dollar, Xitoy Eksimbanki krediti-89,8 million AQSH dollar)ini tashkil etib, mazkur mablag'lar hisobidan tog'-kon transportlari va boshqa uskunalarga-34,2 million AQSH dollari, qurilish-montaj ishlariga-55,6 million AQSH dollari ajratilgan.

“Sharg'un” konining texnologik murakkabligi juda yuqori. 1 yildirki, qurilish -montaj ishlarini olib borilmoqda, amaliy ishlar kundan kunga jadallashmoqda. Istiqbolli loyiha Xitoy  temiryo'l   korporatsiyasi va  Xitoy ko'mir xolding korporatsiyasining qo'shma loyihasi asosida amalga oshirilyapti. 3 yildan so'ng bu yerda 900 000 tonna ko'mir ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

Jamiyat xodimlari tomonidan Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda shu kungacha bir qator amaliy ishlar bajarildi.

2017 - 2020 yillarga mo'ljallangan loyiha keng qamrovli va nihoyatda murakkab. Maqsad toshko'mir qazib olishni 900 000 tonnaga yetkazish barobarida, iste'molchiga sifatli va raqobatbardosh mahsulotni yetkazib berish.

Qayd etish lozimki, 2018 yilda tasdiqlangan tarmoq jadvaliga asosan 33,02 million mablag' o'zlashtirildi va yil yakuniga qadar 10 va 6 konlarda yer osti kon lahmlarini qazish, qayta tiklash ishlari 1040 metrga, kovlab borish ishlari 1000 metrga bajarilishi rejalashtirilgan.

“Sharg'unko'mir” AJ mahsulotlarini xalq xo'jaligiga o'z vaqtida yetkazib berish, ish unumini yanada oshirish maqsadida tashish xizmatlariga ham alohida e'tibor qaratilayapti. Jumladan, bu yerda umumiy uzunligi 20 km bo'lgan yangi temir yo'llar yotqizildi. Shu bilan birga mavjud magistrallar qaytadan rekonstruktsiya qilinmoqda.

Mazkur ob'ekt eng boy ko'mir zahirasiga ega maskan hisoblanib, undagi xom ashyo hajmi 33 million tonnadan ortiqni tashkil etadi. Boysundagi konining zahirasi esa 29 million tonnadan ortiq deb baholangan. Hozirda korxonada 500 nafardan ortiq konchilar mehnat qilishayotgan bo'lsa, modernizatsiya ishlaridan so'ng bu ko'rsatkich yana shunchaga ortadi. Ko'mir mahsuloti esa «O'zbekenergo» DAKning Yangi-Angren va Angren issiqlik elektrostantsiyalari, «O'zqurilishmateriallari» AK ga qarashli sement zavodlariga, «Qishloqqurilishinvest» korxonalari va boshqa iste'molchilarga yetkazib beriladi. 

Axborot xizmati