O’ZB Рус Eng

O’zbekiston temir yo’llari Аksiyadorlik jamiyati

Ishonch telefoni

(+998 71) 237-99-98

Dush. - Jum. 9-00dan 18-00gacha
Vokzal ma’lumotxonasi

1005

(Kecha-kunduz)

Teplovozlardan elektrovozlargacha

14.08.2018 11701

   Temir yo'l uchastkalari bosqichma-bosqich elektrlashtirilayotganligi sababli po'lat izlarda harakatlanayotgan teplovozlar o'rnini zamonaviy va qudratli elektrovozlar egallamoqda. 

     Bugungi kunda tarmoq tasarrufidagi 7200 kilometrdan iborat temir yo'lning 2713 kilometri, ya'ni 35 foizi elektrlashtirildi.
     Ayni kunlarda Toshkent – Samarqand, Toshkent – Qarshi, Toshkent – Buxoro yo'nalishlari bo'ylab soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoezdlari qatnovi amalga oshirilmoqda. 

      Soha energetiklarining yuksak tajriba va mahorati evaziga Angren shahridan Andijongacha bo'lgan temir yo'llar to'liq elektrlashtirilib, yangi “Angren – Pop” temir yo'li hamda uzunligi bo'yicha dunyoda 7- o'rinda turadigan 19,2 kilometrlik noyob tunnel elektrlashtirildi.
    Bugun ham soha xodimlari tomonidan temir yo'llarni bosqichma-bosqich elektrlashtirish ishlari samarali davom ettirilmoqda.
    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pop – Namangan – Andijon temir yo'l liniyasini elektrlashtirish” loyihasini Osiyo Taraqqiyot Banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, Pop – Namangan – Andijon temir yo'l liniyasini elektrlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. 

   Umumiy uzunligi 140 kilometr bo'lgan liniyada elektrlashtirish ishlari qizg'in davom ettirilmoqda. Loyihaga ko'ra, elektrlashtirish ishlari bosqichma-bosqich 2021 yilga qadar davom etadi. Hozirda “Pop” va “Chust” stantsiyalari oralig'ida elektrlashtirish jarayonining dastlabki bosqichi olib borilmoqda. Shuningdek, mamlakat temir yo'llarining “Qarshi – Kitob” uchastkasida ham elektrlashtirish ishlari jadallik bilan amalga oshirildi.
    Maqsad ushbu hududlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, “Afrosiyob” poezdlarining Kitob shahriga qatnovini tashkil etib, mamlakatimiz aholisi uchun qulay transport turini rivojlantirish va sayyohlik sohasini yanada taraqqiy ettirishdir.
    Mazkur qurilish ob'ektlariga zarur texnika va qurilish mahsulotlari o'z vaqtida yetkazilmoqda. Xususan, ilgari katta mablag' evaziga xorijdan keltiriladigan elektr simlarini ushlab turuvchi birlashtirish uskunalari, mustahkam metall konstruktsiya va tayanch ustunlar kabi asosiy qurilish mahsulotlari, endilikda o'zimizda ishlab chiqarilmoqda. 

  Poytaxtimizdagi “Binokor temir-beton servis”, “EYVALEKMAXSUSTEMIRBETON” aktsiyadorlik jamiyati kabi korxonalarda temir-beton mahsulotlari, metall konstruktsiyalar, elektr simlari uchun birlashtirish uskunalarining ishlab chiqarilayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir. Bu esa qurilish-montaj ishlarining yanada sifatli, tez va mustahkam bo'lishiga zamin yaratmoqda.

     Elektrlashtirilgan temir yo'l uchastkalarining foydalanishga topshirilishi, avvalo, yangi ish o'rinlarini ochmoqda. Yana bir muhim jihati, mahalliy va tranzit poezdlarni harakatga keltirishda teplovozlarga nisbatan juda katta iqtisodiy tejamkorligi va ekologiya musaffoligini saqlashi bilan ahamiyatli bo'lmoqda.

Axborot xizmati